Mikrokreditbank

JISMONIY SHAXSLAR UCHUN

PLASTIC KARTOCHKALARI

ÐÓÑ O`ZB ENG
Bosh sahifa » Matbuot markazi

MATBUOT MARKAZI

Qonun ustuvorligi yo‘lida

28.08.2010

    Navoiy shahrida “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda sud, huquq-tartibot idoralari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini, erkinliklarini himoya qilish borasida samarali mexanizm shakllangan bo‘lib, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilayotir.

    Joriy yilning o‘tgan davrida Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar, fuqarolar va xorijiy investorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga oid 157 ariza ko‘rib chiqildi. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilot va muassasalarga 198 taqdimnoma kiritilib, shunga asosan 281 mansabdor shaxs intizomiy jazoga tortildi. Shartnomaviy munosabatlarni tartibga keltirish borasida adliya organlarining sa’y-harakati bilan qariyb 3 milliard so‘mlik da’vo arizalari qanoatlantirildi.

    Ayni vaqtda adliya boshqarmasi taqdimnomalariga ko‘ra, fuqaro, fermer va tadbirkorlik subyektlariga 448 million so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarib berildi. Qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 89 mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

    Tadbirda jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish, turli qonunbuzilishlarning oldini olish masalalarini ommaviy axborot vositalarida yoritish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida“gi qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

    Mazkur qonunning qabul qilinishi huquq tizimini takomillashtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam ekani qayd etilib, huquqshunoslar tomonidan qonun moddalariga atroflicha sharh berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

    Tadbir ishtirokchilariga Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki hamda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan yangi loyiha – “Yosh huquqshunoslar” respublika ko‘rik-tanlovi haqida ham tegishli ma’lumot berildi.